TOSHKENT DAVLAT AGRAR UNIVERSITENING TERMIZ FILIALI

Filial tarixi

12 Sentyabr 2018
Ko`rildi: 0

Toshkent davlat agrar universiteti Termiz filiali Muhtaram Prezidentimizning 2017 yil 20 apreldagi “Oliy ta’lim tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-2909-sonli qarori asosida tashkil etildi. 2017-2018 o‘quv yilidan o‘z faoliyatini boshlagan filialda o‘tgan davr mobaynida salmoqli ishlar bajarildi. Hozirgi kunda 9 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha 362 nafar talaba, shundan 70 nafari davlat grantlari, 292 nafari to‘lov-shartnoma asosida tahsil olishayotgan bo‘lsa, ularga jami 47 nafar professor-o‘qituvchilar, 3 nafar fan doktori, pofessorlar, 16 nafar fan nomzodi, dotsentlar, 28 nafar malakali o‘qituvchi-assistentlar saboq berib kelmoqdalar. Ilmiy salohiyat 40,4 foizni tashkil etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 8 maydagi “Toshkent davlat agrar universitetida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3704-sonli qarori e’lon qilindi.
Ushbu qarorda TDAU Termiz filialida quyidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan:
1) TDAU Termiz filiali tuzilmasi (strukturasi) o‘zgardi. Yangidan o‘quv va tarbiyaviy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari, ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlari joriy etildi. Agronomiya fakulьteti - Agrobiologiya fakulьtetiga, Agroinjeneriya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalashtirish fakulьteti - Agrobiznes va investitsion faoliyat fakulьtetiga aylantirildi, 6 ta kafedra va yangi bo‘limlar tashkil etildi
2) TDAU Termiz filialiga davlat va xo‘jalik boshqaruv organlari, viloyat hokimligining buyurtmasiga asosan 2018/2019 o‘quv yili uchun davlat granti hamda to‘lov-kontrakt asosida bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha qabul kvotasi tasdiqlandi, 2017-2018 o‘quv yilida 9 ta ta’lim yo‘nalishida mutaxasislar tayyorlanayotgan bo‘lsa, 2018-2019 o‘quv yilidan 13 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha malakali kadrlar tayyorlanadi.
Yangi yo‘nalishlar, jumladan:
-Qishloq xo‘jaligi ekinlari seleksiyasi va urug‘chiligi; 
-O‘rmonchilik; 
-Ipakchilik va tutchilik;
-O‘simliklar va qishloq xo‘jalik mahsulotlari karantini;
-Sabzavotchilik, polizchilik va kartoshkachilik;
-Agrobiznes va investitsion faoliyat; 
-Issiqxona xo‘jaligini tashkil etish va yuritish yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis kadrlar tayyorlanadi.
3) 2018-2019 yillarda TDAU Termiz filialida amalga oshiriladigan qurilish ta’mirlash va jihozlash ishlari ya’ni, 1000 o‘rinli o‘quv binosi, 240 o‘rinli talabalar turar joyi uchun 35 mlrd 970 mln 600 ming so‘m mablag‘ ajratilib, ayni vaqtda qurilish ishlari jadal davom etmoqda.
4) TDAU Termiz filialining kadrlar buyurtmachilari ro‘yxati va ularga taqsimlangan talabalar soni, talabalarning amaliyot o‘tash ob’ektlari tasdiqlandi.
5) Kadrlar buyurtmachilari bilan talaba o‘qishni bitirganidan so‘ng 5 yil ishlab berish majburiyatini belgilovchi uning bazaviy to‘lov kontraktini 2-bosqichda kamida 50 foiz, 3-bosqichda kamida 75 foiz va 4-bosqichda 100 foiz miqdorda to‘lab berish maqsadida uch tomonlama shartnomalar tuzish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.
6) "O‘quv-tajriba xo‘jaligi" DUK – “Qishloq xo‘jaligida innovatsion ishlanmalar va maslahat markazi” DUK ga aylantirildi va bir qator imtiyozlar belgilandi.
Mazkur qarordan kelib chiqib, filialning “Yo‘l xaritasi” tuzilgan va unda belgilangan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish maqsadida Ishchi guruh tuzildi, vazifalar bosqichma-bosqich amalga oshirib kelinmoqda.
2021 yilgacha TDAU Termiz filialida professor-o‘qituvchilarning ilmiy salohiyatini 50 foizdan oshirish, umumiy talabalar soni esa 2000 nafarga etkazish, magistratura mutaxassisliklari hamda filial qoshida akademik litseyini ochish rejalashtirilgan.